Savola

Maxfiylik siyosati

Oxirgi yangilanish: 24.09.2026

Bu sahifa Savola xizmati Sizning va so‘rovnomangizga javob berganlarning ma’lumotlarini qanday yig‘ishi, nima uchun ishlatishi va qayerda saqlashini tushuntiradi.

Ma’lumotlar nazoratchisi

Xizmatni quyidagi tashkilot yuritadi va yig‘ilgan ma’lumotlar uchun javob beradi. Maxfiylikka oid har qanday savolni shu manzilga yo‘naltiring.

Nomi
YaTT Khurshid Marazikov
Manzili
Bogibuston 240, Toshkent
Elektron pochta
privacy@savola.uz

Qanday ma’lumotlar yig‘iladi

So‘rovnoma egalaridan telefon raqami yoki elektron pochta manzili (kirish uchun bir martalik kod shu raqam yoki manzilga yuboriladi); kirish seanslari bilan birga IP manzil va brauzer haqidagi ma’lumot (seans tugaguncha yoki Siz uni yakunlaguncha saqlanadi); kirish vaqtlari yig‘iladi.

SMS kodlar O‘zbekistondagi Eskiz.uz xizmati orqali yuboriladi. Unga faqat telefon raqami va kod matni uzatiladi; har bir raqamga yuborilgan kodlar soni suiiste’molni cheklash uchun hisoblab boriladi.

Respondentlardan faqat so‘rovnomaga bergan javoblari hamda javob boshlangan va yuborilgan vaqt yoziladi. Respondentdan na ism, na hisob so‘raladi.

Savola ma’lumotlar bazasida IP manzilning o‘zi saqlanmaydi, faqat qisqa muddatga qaytarib bo‘lmaydigan hash ko‘rinishi saqlanadi. Server jurnallarida IP manzil xavfsizlik maqsadida qisqa muddat saqlanishi mumkin.

Telegram hisobini ulaganingizda

Telegram hisobingizni ulasangiz, Telegram foydalanuvchi va chat identifikatorlari, mavjud bo‘lsa foydalanuvchi nomi va ismingiz, shuningdek ulanish vaqti saqlanadi. Bu ma’lumotlar hisoblaringizni bog‘lash, Telegram orqali kirish, Siz yoqqan bildirishnomalar va bot javoblarini yuborish uchun kerak. Ular Telegram’ni uzguningizcha yoki Savola hisobingizni o‘chirguningizcha saqlanadi.

Telegram’ni uzsangiz yoki Savola hisobingizni o‘chirsangiz, bog‘lanish ma’lumotlari va shu bog‘lanishga tegishli yuborilmagan bot javoblari o‘chiriladi.

Ulash havolasi bir marta ishlatiladi va 10 daqiqa amal qiladi. Uning maxfiy qismi o‘rniga tekshirish uchun hash saqlanadi. Muddati o‘tgan yozuvlar avtomatik tozalanadi.

Telegram orqali kirganingizda

Kirish so‘rovi bir marta ishlatiladi va 5 daqiqa amal qiladi. Tasdiqlash uchun so‘rovga Telegram foydalanuvchi identifikatoringiz vaqtincha yoziladi. Kirish tugallanganda yoki bekor qilinganda identifikator so‘rovdan olib tashlanadi. Muddati o‘tgan so‘rovlar avtomatik tozalanadi.

Telegram hisobingiz hali ulanmagan bo‘lsa, birinchi kirishni yakunlaganingizda yangi Savola hisobi yaratiladi va Telegram hisobingiz unga bog‘lanadi. Keyingi kirishlar shu hisobni ochadi.

Kirish havolasining maxfiy qismi va brauzerni tekshirish qiymati o‘rniga hashlar saqlanadi. So‘rovga Telegram foydalanuvchi nomingiz, ismingiz yoki xabaringiz matni yozilmaydi.

Telegram botiga yozganingizda

Hisob ulanmagan bo‘lsa ham, bot javobini yetkazish uchun chat identifikatoringiz va yuboriladigan javob vaqtincha saqlanadi. Javob yuborilgach yoki Telegram uni qabul qilishni butunlay rad etgach, bu ma’lumotlar o‘chiriladi. Yuborilmagan javoblarning amal qilish muddati 24 soat. Muddati o‘tgan yozuvlar avtomatik tozalanadi.

Botga yuborgan xabaringiz matni, Telegram foydalanuvchi nomingiz va ismingiz bu navbatda saqlanmaydi. Takroriy xabarlarni ajratish uchun Telegram so‘rovining texnik raqami 7 kun saqlanadi.

So‘rovnomaga javob berganingizda Telegram foydalanuvchi va chat identifikatorlaringiz yig‘ilmaydi.

Telegram’dagi haftalik xulosa

Telegram hisobingiz ulangan va haftalik xulosa yoqilgan bo‘lsa, javob olingan haftadan keyin dushanba kuni soat 09:00 da Toshkent vaqti bilan xulosa yuboriladi. Unda ko‘pi bilan beshta so‘rovnomaning javoblar soni, avvalgi haftaga nisbatan o‘zgarishi, mavjud bo‘lsa NPS ko‘rsatkichi va uning o‘zgarishi, matnli javoblarda eng ko‘p takrorlangan so‘z Telegram’ga yuboriladi.

Bu so‘z respondent yozgan matnning bir qismi bo‘lib, ism yoki boshqa shaxsiy ma’lumotni ham o‘z ichiga olishi mumkin.

Haftalik xulosa dastlab yoqilgan bo‘ladi. Uni Sozlamalarda yoki botda o‘chirishingiz mumkin. Bu sozlama yangi javoblar haqidagi bildirishnomalardan alohida.

Yetkazishni takrorlash uchun xulosaning ko‘rsatkichlari va so‘zi vaqtincha saqlanadi. Xulosa yuborilgach, Telegram uni butunlay rad etgach yoki xulosani o‘chirganingizdan keyin bu mazmun o‘chiriladi. Bir haftada takror yubormaslik uchun yetkazish qaydi qoladi. Telegram’ni uzsangiz yoki hisobingizni o‘chirsangiz, xulosa va uning qaydlari ham o‘chiriladi.

Nima uchun

Birinchi maqsad - xizmatni ko‘rsatish: so‘rovnomani ochish, javoblarni qabul qilish va natijalarni Sizga ko‘rsatish.

Ikkinchi maqsad - suiiste’molning oldini olish: bitta so‘rovnomaga soxta javoblar oqimini to‘xtatish.

Ma’lumotlar reklama uchun ishlatilmaydi va uchinchi shaxslarga sotilmaydi.

Qayerda saqlanadi

Savola ma’lumotlar bazasi Germaniya (Yevropa Ittifoqi) hududidagi serverda saqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasining “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi Qonunining 27-1-moddasi (2026-yil tahriri) biometrik, genetik va telekommunikatsiya ma’lumotlaridan tashqari ma’lumotlarni chet elda saqlashga yo‘l qo‘yadi.

Savola bunday toifadagi ma’lumotlarni yig‘maydi, shuning uchun saqlash joyi shu talabga mos keladi.

Qancha vaqt saqlanadi

Javoblar so‘rovnoma egasi ularni o‘chirmaguncha saqlanadi.

Hisob o‘chirilganda unga tegishli barcha so‘rovnomalar va javoblar butunlay o‘chiriladi.

So‘rovnoma javoblarini avtomatik o‘chirish muddati hozircha belgilanmagan. U belgilangan kuni shu sahifa yangilanadi.

Sizning huquqlaringiz

Siz o‘zingiz haqingizda saqlangan ma’lumotlarni ko‘rish, tuzatish va o‘chirish huquqiga egasiz.

Buning uchun privacy@savola.uz manziliga yozing va murojaatingizda nimani so‘rayotganingizni ko‘rsating.

Biror so‘rovnomaga bergan javobingizni o‘chirishni istasangiz, avval o‘sha so‘rovnoma egasiga murojaat qiling.

Cookie

Cookie hisobga xavfsiz kirish va kirgan holatingizni saqlash uchun ishlatiladi. Telegram orqali kirishni boshlangan brauzerda yakunlash uchun tekshirish cookie’si 5 daqiqaga o‘rnatiladi.

Telegram orqali kirish davomida brauzeringizning joriy seans xotirasida so‘rov raqami va amal qilish muddati eslab qolinadi. Bu sahifani yangilaganingizda kirishni davom ettirish uchun kerak.

Tahliliy va reklama cookie’lari ishlatilmaydi.

Sahifalarga uchinchi tomon kuzatuv skriptlari qo‘shilmaydi.

Bosh sahifaga qaytish